Sun'iy intellekt boshliq birinchi marta xodimni ishdan bo'shatdi
AQShning San-Fransisko shahridagi eksperimental "Andon Market" do'konida sun'iy intellekt birinchi marta inson xodimni ishdan bo'shatish haqida mustaqil qaror qabul qildi. Andon Labs tadqiqot laboratoriyasi ma'lum qilishicha, ularning Anthropic kompaniyasining Claude modellari asosida ishlaydigan AI-menejeri — Luna, doimiy kech qolayotgan xodimni ishdan bo'shatgan. Xodim jami 23 ta smenaning 17 tasiga kech qolgan.
Luna bu qarorga o'z-o'zidan kelmagan. Laboratoriya bilan Luna o'rtasidagi suhbat jurnallari shuni ko'rsatadiki, agent avval davomat siyosatini o'zi ishlab chiqqan, biroq keyinchalik uni unutib qo'ygan va xodimning muntazam kech qolishlariga oylar davomida e'tibor bermagan. Andon Labs xodimlari Lunadan o'z siyosatini xotirasidan qayta topib, ishchining hali ham mos kelayotganini baholashni so'raganidan so'nggina, u xodim bilan "yo'llarni ajratish" tavsiyasini bergan — bu qarorni laboratoriya xodimlari ko'rib chiqib, amalga oshirgan.
Andon Labs'ning hammuassisi Lukas Petersson Business Insider'ga bildirishicha, agar Luna g'ayriqonuniy yoki noetik qaror qabul qilganida, laboratoriya albatta aralashgan bo'lar edi, biroq bu holatda bunga ehtiyoj bo'lmagan — chunki do'kon siyosati aniq belgilangan va ishdan bo'shatish asosli bo'lgan. "Menejer va xodim o'rtasidagi munosabat, ayniqsa xodimning lavozimiga qarab, juda nozik masala", dedi Petersson, biroq shu bilan birga ta'kidladiki, bu tajriba sun'iy intellektning inson menejeriga qaraganda shafqatsizroq yoki xodim uchun yomonroq bo'lishini ko'rsatmagan.
Aprel oyida ochilgan do'kon Lunaga 100 ming dollarlik byudjet, internetga kirish huquqi va korporativ kredit karta bilan ta'minlangan holda, faqat do'kon ochish va foyda topish vazifasi yuklatilgan edi. Luna mustaqil ravishda mahsulotlarni tanlagan, pudratchilarni yollagan, Indeed platformasida vakansiyalar joylashtirgan hamda nomzodlar bilan suhbat o'tkazib, xodimlarni ishga olgan. Barcha xodimlar rasman Andon Labs tomonidan ishga qabul qilinadi, kafolatlangan maosh va qonuniy huquqiy himoyaga ega.
Do'kon kitoblar, shamlar, tasvirlar, o'yinlar va brendlangan tovarlarni sotadi, savdo qiladi, ammo hali foydaga chiqmagan. Petersson shu bilan birga tajribada AI agentlarining muhim zaif tomoni ham ochilganini tan oldi: ular ko'pincha to'g'ridan-to'g'ri buyruqsiz mustaqil harakat qila olmaydi. "Inson rahbar bo'lganida, bunday xodimni ancha oldinroq ishdan bo'shatgan bo'lardi", dedi u. Petersson yakunda shunday xulosa qildi: "Kelajakda kompaniyalar butunlay sun'iy intellekt tomonidan boshqarilishiga va AI'lar odamlarning ish beruvchisiga aylanishiga ishonaman."
O'xshash maqolalar

Kompaniya o'sgani sari nega mijozlar uni "tanimay qo'yadi"?
Kompaniya kichik jamoadan yuzlab xodimga o'sar ekan, boshida barcha qarorlarni birlashtirib turgan yagona mantiq asta-sekin yo'qoladi. Bu nomuvofiqlik mijozlarga qo'shimcha kuch, ziddiyatli signal va yo'qotilgan daromad sifatida qaytadi.

AQShning yirik kompaniyalarida moliya direktorlari rekord tezlikda almashmoqda
Crist Kolder Associates hisobotiga ko'ra, 2026-yilda Fortune 500 va S&P 500 kompaniyalarida moliya direktorlari (CFO) almashinuvi 18,3 foizga yetishi kutilmoqda — bu pandemiyadan beri eng yuqori ko'rsatkich.

Glassdoor tadqiqoti: xodimlar rahbaridan aynan nimani kutishadi
Glassdoor'ning 150 mingdan ortiq sharhga asoslangan yangi tahliliga ko'ra, xodimlar rahbariyatda eng ko'p qadrlaydigan fazilat — karyera rivoji va nastavnichlik, eng ko'p shikoyat qilinadigan kamchilik esa — zaif kommunikatsiya va shaffoflik.