OpenAI hisobotidagi noqulay xulosa: AI'dan foydalanish daromadni oshirmayapti
OpenAI 11-avgust kuni ChatGPT'ning korporativ sektordagi joriy etilishiga bag'ishlangan 69 sahifalik hisobot chop etdi. Tashqi ko'rinishidan hisobot barcha lavozim darajalari va yo'nalishlarda AI'dan foydalanishning keskin o'sishini hamda kompaniya "frontier gap" (yetakchilik farqi) deb atagan hodisani — ya'ni AI ishlatayotgan kompaniyalarning undan foydalanmaydiganlardan tobora ilgarilab ketishini — ta'kidlaydi. Biroq hisobotning 35-sahifasidagi kichik bir jadvalda butunlay boshqacha manzara ochiladi: tadqiqotchilar xodim boshiga tushadigan daromad bilan xodimlarning AI'dan qanchalik faol foydalanishi (yuborilgan xabarlar va sarflangan tokenlar soni orqali o'lchangan) o'rtasida statistik jihatdan ahamiyatli bog'liqlik topmagan. Hisobotda shunday deyilgan: "Boshqa omillar hisobga olinganda, xodim boshiga tushadigan daromad xodim boshiga chiqarilgan tokenlar soni yoki faol foydalanuvchi boshiga yuborilgan xabarlar bilan mazmunli bog'liq emas." Mualliflar ta'kidlashicha, allaqachon yuqori daromadga ega kompaniyalar ChatGPT'ni erta joriy etish moyilligiga ega, va umuman AI'ni ko'proq ishlatadigan kompaniyalarning daromadi ham yuqoriroq bo'ladi — ammo bu shunchaki kattaroq, muvaffaqiyatli kompaniyalarning AI'ga tezroq o'tishini ko'rsatadi, xolos, AI ko'proq ishlatilsa daromad ham ko'payadi degan sabab-natija bog'liqligini isbotlamaydi.
Hisobotning yana bir e'tiborga molik jihati — rahbarlar AI'dan eng kam foydalanuvchi toifa ekanligi. 29-sahifadagi grafikka ko'ra, yuqori lavozimdagi xodimlar haftalik xabarlar soni bo'yicha eng past ko'rsatkichga ega, ya'ni ular AI'ni boshqalarga qaraganda kamroq intensiv ishlatadi. Aksincha, martaba boshida turgan xodimlar eng faol foydalanuvchilar hisoblanadi. OpenAI'ning moliya direktori Sara Friar bu haqda LinkedIn'dagi postida shunday yozgan: "Rahbarlar uchun bu — raqobatdosh ustunlik ishning aynan ustida ishlayotgan odamlardan kelib chiqishining eslatmasi. Ularni tinglang, ulardan o'rganing va qolgan tashkilotga yetib olishga yordam bering."
Hisobotdagi yana bir kutilmagan raqam — OpenAI'ning korporativ mijozlar orasidagi umumiy foydalanish ko'rsatkichi 2025-yil oktyabridan dekabrigacha deyarli o'zgarmay qolgan. Aynan shu davrda Anthropic'ning Claude Code mahsuloti korporativ bozorda keng tarqalib, ko'plab kompaniyalarning asosiy tanloviga aylangan edi. 2026-yil yanvaridan boshlab esa chiziq yana keskin yuqoriga ko'tarilgan — kompaniya buni yangi mijozlar qo'shilishi va mavjud mijozlarning faolroq foydalanishi bilan izohlaydi. Shu bilan bir vaqtda OpenAI bosh direktori Sem Altman kompaniyani korporativ savdo atrofida qayta tashkil qilmoqda va Sora kabi "yon loyihalar"ni qisqartirmoqda. Kompaniya yangi savdo direktori — Dali Rajicni tayinlaganini e'lon qildi; u atigi bir yildan kamroq vaqt ishlagan Denis Dresser o'rnini egallaydi. Rajicning asosiy vazifasi — mijozlar tomonidan AI'ni joriy etishni tezlashtirish va biznesga uning ta'sirini o'lchashda yordam berish bo'ladi, kompaniya esa IPO'ga tayyorlanmoqda.
Hisobotning ishonchliligi haqida ham savol bor: besh mualliifdan ikkitasi — Kolumbiya Biznes maktabi va Pensilvaniya universiteti Uarton maktabidan bo'lgan David Holts va Prasanna Tambe — OpenAI tomonidan pullik konsultant sifatida jalb qilingan akademiklar, qolgan uchtasi esa kompaniyaning shtatdagi xodimlari. Odatda bunday hisobotlarga tashqi akademiklarni jalb qilish mustaqillik va ishonchni oshiradi deb hisoblanadi, biroq footnote'da ularning aynan OpenAI'ning pullik konsultanti sifatida ishtirok etgani alohida ko'rsatilgan. Tadqiqotchilar nashr etmagan qo'shimcha xulosalarga ega bo'lishi mumkinmi — bu noma'lum bo'lib qolmoqda. Xulosa shuni ko'rsatadiki: kompaniyalar AI'ning haqiqiy ta'sirini reklama va hype'ga emas, balki o'zining aniq tajribasiga tayanib baholashi kerak.
O'xshash maqolalar

To'lamagan mijozlarni kutish xato: yashirin daromad yo'qotish manbai
Amerika Kollektsiyalar Byurosi ma'lumotlariga ko'ra, biznesning taxminan 13 foiz hisobvaraqlari istalgan vaqtda muddati o'tgan holatda turadi — kechiktirilgan har bir oy undirish ehtimolini pasaytiradi va pul oqimi xavfini oshiradi.

Amazon, Uber, DoorDash va Walmart yetkazib berish urushini osmonga olib chiqdi
Texasda bir ayolning Amazon dronidan kutgan buyurtmasi to'g'ridan-to'g'ri basseyniga tushib ketdi — bu voqea drone orqali yetkazib berish sohasi o'nlab yillik tajribadan so'ng nihoyat jiddiy miqyosga chiqayotgan paytga to'g'ri keldi.

So'nggi 12 oyda yuzlab AI mahsuldorlik vositasi tug'ildi — ularning aksariyati omon qolmaydi
Venchur fondi Northzone boshqaruvchi sherigi Sanjot Malhi: dunyoga yana bitta AI mahsuldorlik vositasi kerak emas — bozor haddan tashqari to'lib ketdi, endi investorlar chinakam qadriyat yaratadigan yechimlarni izlashi kerak.