Maktabga tayyorgarlik mavsumida brendlar "tejamkorlik ovchilari"ga qanday murojaat qilmoqda

Maktabga tayyorgarlik mavsumida chegirma va aksiyalar odatiy hol, ammo JCPenney bu safar boshqacha yo'l tutdi: tanlangan mahsulotlar uchun 27-avgustgacha narx o'zgarmasligini kafolatlaydigan "Price Lock" aksiyasini e'lon qildi. Kompaniyaning bosh mijozlar va marketing direktori Marisa Talberg so'zlariga ko'ra, inflyatsiya va geosiyosiy beqarorlik fonida amerikalik oilalar uchun narx barqarorligi kafolati ayniqsa muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Deloitte'ning so'nggi maktabga tayyorgarlik hisobotiga ko'ra, ota-onalarning deyarli uchdan bir qismi endi to'rt va undan ortiq tejamkorlik usulini bir vaqtda qo'llaydigan "hyper value-seeker" (tejamkorlikka o'ta e'tiborli xaridor) toifasiga kiradi. So'rovda qatnashganlarning 57 foizi keyingi olti oyda iqtisodiyot yomonlashishiga ishonadi, natijada oilalar bu mavsumda inflyatsiyaga moslashtirilgan holda o'tgan yilgiga nisbatan 6 foizga kamroq xarajat qilishi kutilmoqda.
Chakana savdo tarmoqlari marketing faoliyatini ilgari boshlashga o'tmoqda: Amazon o'zining Prime Day aksiyasini birinchi marta iyun oyi oxiriga ko'chirdi, Kohl's esa iyulning boshidayoq maktabga tayyorgarlik kampaniyasini boshladi. Bunga sabab nafaqat turli hududlarda o'quv yili boshlanish sanalarining farqi, balki tejamkor xaridorlarning kattaroq ulushini “ushlab qolish” istagidir.
Marketing landshafti ham o'zgarmoqda: brendlar endi yagona yirik “influenser” bilan emas, minglab mikroinfluenser bilan ishlashga majbur. American Eagle o'z kampaniyasini futbolchi Lamine Yamal atrofida qurgan bo'lsa, Target minglab kichik ijodkor va o'qituvchilarni jalb qilmoqda. Bunga parallel ravishda sun'iy intellekt ham savdo maydoniga kirib kelmoqda: Kohl's Google Gemini texnologiyasiga asoslangan AI-yordamchini ishga tushirdi, AQSh ota-onalarining deyarli yarmi esa narxlarni solishtirish va mahsulot tanlashda AI vositalaridan foydalanmoqda.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, chakana savdo tarmoqlari sun'iy intellekt orqali qanday taqdim etilishini yetarlicha kuzatmayapti — juda oz kompaniya AI tizimlari ularni tavsiya qilish-qilmasligini yoki qanday qiymat taklifi bilan taqdim etishini biladi. Shu bilan birga, mutaxassislar iste'molchi xatti-harakatiga oid raqamli ma'lumotlar hamon nima uchun degan savolga javob bermasligini, shu bo'shliqni esa faqat inson bilan insonning to'g'ridan-to'g'ri muloqoti to'ldira olishini eslatmoqda.
O'xshash maqolalar

Elektron tijorat o'smoqda, ammo Walmart do'konlari avvalgidan ham muhimroq bo'lib qolmoqda
Walmart'ning ikkinchi chorak natijalari shuni ko'rsatadiki, onlayn savdo ulushi ortishiga qaramay, fizik do'konlar endi yetkazib berishning asosiy tayanch nuqtasiga aylanmoqda.
Ertangi kun emas, bir soat ham emas — endi tovarlar daqiqalarda yetkaziladi
Target, Walmart va Home Depot kabi yirik chakana savdo tarmoqlari bir necha soat, hatto bir necha daqiqada yetkazib berishni yangi standartga aylantirmoqda. Buning ortida nima turibdi?
AI persona nima va u qanday ishonchli qilib yaratiladi
AI persona — maqsadli auditoriyani modellashtirib, unga to'g'ridan-to'g'ri savol berish imkonini beruvchi vosita. Lekin uning ishonchliligi nimaga bog'liq?